BANK HISOBVARAG‘I OMMAVIY OFERTA SHARTNOMASI

 

1-§. Umumiy qoidalar

 

1. Ushbu Shartnomada quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:

bank hisobvarag‘i – Bank tomonidan shartnomaga muvofiq Mijozga ochilgan hisobvaraq bo‘lib, unga ko‘ra Bank Mijozning hisobvarag‘iga tushayotgan pul mablag‘ini qabul qilish va hisobga kiritish, Mijoz hisobvarag‘idan tegishli pul mablag‘ini o‘tkazish hamda berish va hisobvaraq bo‘yicha boshqa operatsiyalarni amalga oshirish haqida topshiriqlarni bajarish majburiyatini zimmasiga oladi;

masofadan turib xizmat ko‘rsatish tizimlari yoki interaktiv xizmatlar (keyingi o‘rinlarda – Onlayn tizim) – Mijozga uning Bank bilan o‘zaro bog‘lanishini bank hisobvarag‘iga masofadan turib xizmat ko‘rsatish rejimida Internet tarmog‘idan yoki Internet tarmog‘iga ulangan mobil telefondan (smartfondan) foydalangan holda amalga oshirish imkonini beruvchi avtomatlashtirilgan elektron tizim;

elektron raqamli imzo – elektron hujjatdagi mazkur elektron hujjat axborotini elektron raqamli imzoning yopiq kalitidan foydalangan holda maxsus o‘zgartirish natijasida hosil qilingan hamda elektron raqamli imzoning ochiq kaliti yordamida elektron hujjatdagi axborotda xatolik yo‘qligini aniqlash va elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasini identifikatsiya qilish imkoniyatini beradigan imzo;

elektron hujjat – elektron shaklda qayd etilgan, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan hamda hujjatni identifikatsiya qilish imkonini beradigan rekvizitlarga ega bo‘lgan axborot;

Mijozning ishonchli elektron raqamli imzosi – elektron hujjatni Mijozning elektron raqamli imzo kaliti orqali tekshirilganda ijobiy natija bergan elektron raqamli imzo;

mijozning bank operatsiyasi (keyingi o‘rinlarda – bank operatsiyasi) – pul mablag‘i yoki boshqa mol-mulk bilan bog‘liq bo‘lgan va bank orqali amalga oshiriladigan faoliyat;

xalqaro moliyaviy sanksiyalar ro‘yxati (keyingi o‘rinlarda – Sanksiyalar ro‘yxati) – AQSH Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC), AQSH Savdo vazirligining sanoat va xavfsizlik byurosi (BIS), Yevropa ittifoqining oliy ijroiya organi – Yevropa komissiyasi (EC), Buyuk Britaniya birlashgan qirolligi (UK), Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik Kengashi (UNSC) va boshqa xorijiy davlatlarning vakolatli organlari hamda xalqaro tashkilotlar tomonidan eʼlon qilingan xalqaro moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilgan shaxslar haqida maʼlumotlar qayd etilgan elektron hujjat;

Ro‘yxat – O‘zbekiston Respublikasining vakolatli organlari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar, shuningdek xorijiy davlatlarning vakolatli organlaridan hamda xalqaro tashkilotlardan rasmiy kanallar orqali olingan ma’lumotlar asosida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan tuzilgan terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirg‘in quroli tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar haqida ma’lumotlar qayd etilgan hujjat.

2. Mijoz bank hisobvarag‘ini milliy valyutadagi asosiy talab qilib olinguncha depozit hisobvarag‘i, milliy va chet el valyutasidagi ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvaraqlari shaklida ochishi mumkin.

 

2-§. Shartnoma predmeti

 

3. Mazkur Shartnoma, Mijozning murojaati asosida, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofik bank hisobvarag‘i ochish, Mijoz hisobvarag‘iga tushayotgan pul mablag‘ini qabul qilish va hisobga kiritish, Mijoz hisobvarag‘idan tegishli pul mablag‘ini o‘tkazish hamda berish va hisobvaraq bo‘yicha boshqa operatsiyalarni amalga oshirish haqida topshiriqlarni bajarish, kassa xizmati ko‘rsatish, shuningdek Onlayn tizimni qo‘llagan holda elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan elektron hujjatlarni almashish orqali hisobvaraq yuritish yuzasidan Bank tomonidan Mijozga taqdim etiladigan xizmatlar bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi*).

___________________

*) Bank tomonidan kredit, faktoring, moliyaviy lizing, bank kartalari, qimmatli qog‘ozlar oldi-sotdisi, qimmatli qog‘ozlar hisobini yuritish va saqlash, qimmatli qog‘ozlarni boshqarish, hujjatlar va boshqa boyliklarni saqlash uchun depozit qutilarini ijaraga berish, kafolat va kafillik berish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatilishi hamda xalqaro bank amaliyotiga muvofiq boshqa xizmatlar ko‘rsatilishi alohida shartnomalar bilan tartibga solinadi. Mijoz tomonidan mablag‘ni jamg‘arma va muddatli depozit hisobvaraqlarga joylashtirish masalasi ham alohida shartnoma bilan tartibga solinadi.

4. Agar Mijoz masofadan turib bank hisobvarag‘iga xizmat ko‘rsatish rejimida ishlashni istasa, Bank unga Onlayn tizimga ulanish va ishlash yuzasidan ko‘rsatmalar bergan holda, Mijozni Onlayn tizimda ro‘yxatdan o‘tkazadi.   

5. Mijozning Onlayn tizimdan foydalanish uchun Internet tarmog‘iga kirish usuli mazkur Shartnomaning predmeti hisoblanmaydi.

3-§. Tomonlarning majburiyatlari

 

6. Bankning majburiyatlari:

a) Bank tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar haqida Mijozga to‘liq va to‘g‘ri maʼlumot berish;

b) Mijozga uning topshirig‘i va O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga ko‘ra to‘lov va kassa xizmatlarini ko‘rsatish;

d) to‘lov hujjati Bankka kelib tushganda, o‘rnatilgan tartibda, mablag‘ni Mijoz hisobvarag‘iga kirim qilish yoki mablag‘ni uning hisobvarag‘idan hisobdan chiqarish;

e) Mijozning qarz majburiyatlari bo‘yicha akseptsiz to‘lov talabnomalari va inkasso  topshiriqnomalarini O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari doirasida ijro qilish;

f) O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq Mijozdan naqd pul qabul qilish va naqd pul berish;

g) to‘lov hujjatlarini ijroga faqat Mijoz taqdim qilgan imzolar namunasi qo‘yilgan varaqchada yoki elektron raqamli imzolari ko‘rsatilgan shaxslar yoxud Mijoz ishonchnomasi asosida vakil qilingan shaxsdan qabul qilish;

h) kassa hujjatlari blankalari (naqd pul topshirish blankasi va boshqa zarur blankalar) bilan Mijozni bepul ta’minlash;

i) Mijozning talabiga muvofiq uning o‘ziga yoki uning ishonchli vakiliga hisobvaraqdan ko‘chirmalar berish yoki ushbu axborotni Mijozga Onlayn tizim vositasida elektron shaklda taqdim etish;

j) Mijoz hisobvarag‘i bo‘yicha operatsiyalar sir saqlanishini kafolatlash. Bank hisobvarag‘iga oid operatsiyalar to‘g‘risida maʼlumotnomani, faqat O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq hollarda, Mijoz roziligisiz uchinchi shaxsga taqdim etish;

k) Mijozning bank hisobvarag‘ida mavjud pul mablag‘ining but saqlanishini taʼminlash;

y) Mijozga Bankning amaliyot kuni mobaynida xizmat ko‘rsatish;

k) Mijoz va uning bank hisobvaraqlari aylanmasi haqidagi barcha axborotni elektron shaklda O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq saqlash;

l) Mijozning yozma arizasi bo‘yicha Onlayn tizimga kirishni to‘xtatib turish;

m) Mijozning bank hisobvarag‘i bo‘yicha operatsiyalar to‘xtatib qo‘yilganda, operatsiya to‘xtatilgan sanadan boshlab keyingi ish kunidan kechiktirmagan holda Mijozga uning bank hisobvarag‘iga xizmat ko‘rsatish to‘xtatilganligi va uning sababi yuzasidan xabarnoma yuborish;

n) Mijozning kredit va lizing bo‘yicha qarzdorligini so‘ndirish uchun uning bank hisobvarag‘idan mablag‘ Bank tomonidan Mijozning topshirig‘isiz hisobdan chiqarilganda, mablag‘ hisobdan chiqarilgan sanadan boshlab keyingi ish kunidan kechiktirmagan holda Mijozga uning bank hisobvarag‘idan qancha miqdordagi mablag‘ qanday sababga asosan va kimning foydasiga chiqarilganligini ko‘rsatgan holda xabarnoma yuborish;

o) “Tijorat banklarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadni legallashtirishga, terrorizmni va ommaviy qirg‘in quroli tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalari” (Adliya vazirligi tomonidan 2017 yil 23 mayda 2886-son bilan ro‘yxatga olingan) asosida, Bank tashabbusiga ko‘ra, Mijoz bilan ushbu Shartnomani bekor qilish haqida qaror qabul qilinganda Mijozning bank hisobvarag‘idagi mablag‘ni boshqa tijorat banklaridagi faqat Mijozga tegishli bo‘lgan bank hisobvaraqlariga o‘tkazilishini taʼminlash;

p) Bank tariflariga kiritilgan qo‘shimchalar va/yoki o‘zgartirishlarni, ular kuchga kiritilishidan kamida o‘n kun oldin bu haqda tegishli axborotni Mijozga www.trustbank.uz veb-sayti va Bank binosidagi axborot va eʼlonlar stendiga joylashtirish, shaxsan topshirish, pochtadan jo‘natish, elektron pochtadan jo‘natish, mobil telefoniga Telegram kanalidan yuborish kabi usullarning biri vositasida yetkazish orqali eʼlon qilish.

7. Mijozning majburiyatlari:

a) bank hisobvarag‘i ochish va to‘lov operatsiyalarini amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan hujjatlarni Bankka taqdim etish;

b) bank hisobvarag‘i bo‘yicha ustav faoliyati turiga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi qonun xujjatlariga muvofiq keladigan operatsiyalarni amalga oshirish;

d) Bankda belgilangan amaliyot kuni tartibi, to‘lov hujjatini rasmiylashtirish va taqdim etish tartibiga rioya qilish;

e) Bank tariflariga, belgilangan tartibda, kiritilgan qo‘shimchalar va/yoki o‘zgartirishlarni ijro etish uchun qabul qilish;

f) tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha tuzilgan shartnoma yuzasidan amalga oshirilgan eksport, import va boshqa operatsiyalar haqida maʼlumotni, Bank talabiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari asosida bankka yuklatilgan vazifalar bajarilishi uchun taqdim etish;

g) yuridik manzilining o‘zgarganligi to‘g‘risida Bankka 5 ish kuni davomida yozma yoki elektron shaklda xabar berish;

h) tadbirkorlik faoliyati subyekti bo‘lmagan rezident hamda byudjetdan mablag‘ oluvchi Mijoz, rezident Mijozning vakolatxona va filiallari, norezident Mijoz taʼsis hujjatida (taʼsis shartnomasida, ustavda) ko‘rsatilgan maʼlumotlar (muassislar, aʼzolar yoki boshqa maʼlumotlar) o‘zgargan taqdirda, u taʼsis hujjatiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar nusxasini 3 ish kuni ichida Bankka taqdim qilish;

i) to‘lov hujjatini imzolash huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxs almashganligi haqida Bankka xabar berish, ishonchnoma taqdim etish, imzolar namunasi qo‘yilgan varaqchani almashtirish (bunda Mijozning bank hisobvarag‘ini tasarruf etuvchi mansabdor shaxsning vakolati tugaganligini tasdiqlovchi hujjat o‘z vaqtida taqdim etilmaganligi oqibatida Mijoz ko‘rgan zarar uchun Bank javob bermaydi);

j) o‘z elektron raqamli imzosi kalitining Onlayn tizimda ishlatiladigan parolini uchinchi shaxsga bermaslik va sir saqlash;

k) Onlayn tizimga kirishga ruxsat etilmagan urinish oshkor bo‘lganligi haqida Bankka zudlik bilan xabar berish;

l) o‘z elektron raqamli imzo kalitining axborot xavfsizligini taʼminlashga ishonch yo‘qolganda ushbu kalit faolligini to‘xtatish yuzasidan chora ko‘rishni so‘rab zudlik bilan Bankka murojaat qilish;

m) bank hisobvarag‘i yopilganda elektron raqamli imzoning yopiq kalitini Bankka topshirish.

8. Tomonlarning birgalikdagi majburiyatlari:

a) ushbu Shartnoma bekor qilinganda tomonlar mazkur Shartnoma amal qilgan davrda Mijozning elektron raqamli imzosi bilan shakllantirilgan barcha elektron hujjatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladi;

b) Onlayn tizimdan foydalanish jarayonida Mijoz va Bank o‘rtasida nizoli vaziyat vujudga kelganda, tomonlar ushbu Shartnomaning 1-ilovasida keltirilgan “Nizoli vaziyatlar sodir bo‘lganda texnik ekspertiza o‘tkazish tartibi”ga muvofiq nizolarni ko‘rib chiqishda qatnashish, yuqorida qayd etilgan Tartib talablarini bajarish, nizoli vaziyatni ko‘rib chiqish yuzasidan chiqarilgan xulosaga muvofiq javob berish majburiyatini oladilar.

d) tomonlar Onlayn tizimdan foydalanishda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan nizolarni hal qilishda nizo yuzasidan o‘z fikrlari, dalillari va xulosalarini ushbu Shartnomada qatnashuvchi manfaatdor tomon so‘rovi bo‘yicha yozma ravishda taqdim etish majburiyatini oladilar.

 

4-§. Tomonlarning huquqlari

 

9. Bank quyidagi huquqlarga ega:

a) O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan hollarda Mijozning roziligisiz (akseptsiz) to‘lovni o‘tkazish;

b) ko‘rsatilgan bank xizmatlari uchun Mijoz tomonidan to‘lov amalga oshirilmasa, vujudga kelgan qarzdorlikni O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 780-moddasini ikkinchi qismida ko‘rsatilgan tartibda, Mijoz roziligini olmasdan (akseptsiz) uning bank hisobvarag‘idan memorial order bilan yechib olish;

d) xato yozuv aniqlansa, ushbu xato yozuv mavjud bank hisobvarag‘idan, teskari buxgalteriya yozuvi kiritish orqali, tegishli pul mablag‘ini Mijozning roziligisiz hisobdan chiqarish;

e) Mijozning milliy valyutadagi mablag‘i byudjet qarzdorligini to‘lashga yetmasa va uning xorijiy valyutadagi bank hisobvarag‘ida mablag‘ mavjud bo‘lsa, byudjetga to‘lov o‘z vaqtida o‘tkazilishini taʼminlash uchun, soliq idorasi tomonidan berilgan taqdimnoma asosida, Mijoz roziligisiz uning xorijiy valyutadagi mablag‘ining byudjet oldidagi qarzdorlikni to‘lashga yetarli miqdorini O‘zbekiston Respublikasi Valyuta birjasida, shu kunga belgilangan kurs bo‘yicha, sotishni amalga oshirish;

f) ushbu Shartnomaning 2-ilovasida keltirilgan Bank tariflariga qo‘shimcha va/yoki o‘zgartirishlar, ular kuchga kiritilishidan kamida o‘n kun oldin bu haqda tegishli axborotni, shuningdek ushbu Shartnoma yuzasidan qo‘shimcha bitim loyihasini Mijozga www.trustbank.uz veb-sayti va Bank binosidagi axborot va eʼlonlar stendiga joylashtirish, shaxsan topshirish, pochta orqali jo‘natish, elektron pochtadan jo‘natish, mobil telefoniga Telegram kanalidan yuborish kabi usullarning biri vositasida yetkazish orqali Mijozni ogohlantirib, kiritish. Agar ushbu qo‘shimcha va/yoki o‘zgartirishlar kuchga kiritiladigan sanagacha Mijoz tomonidan imzolangan qo‘shimcha bitim yoki uni imzolashdan bosh tortganligi haqida yozma xabar Bankka taqdim qilinmasa, bu hol O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 366-moddasiga muvofiq Bank tariflariga kiritilayotgan qo‘shimchalar va/yoki o‘zgartirishlarga Mijozning to‘liq roziligini bildiradi;

g) Mijozning bank hisobvarag‘idagi mablag‘dan, ushbu hisobvaraqqa qo‘yilayotgan talabnomalarning o‘z vaqtida ijrosini taʼminlagan holda, kredit resursi manbai sifatida foydalanish;

h) elektron raqamli imzo kaliti axborot xavfsizligini taʼminlashiga shubha paydo bo‘lsa, o‘z xohishiga ko‘ra, Mijozga xabar bermasdan uning elektron raqamli imzosi yopiq kalitining faolligini to‘xtatib turish va Mijozdan elektron raqamli imzo kalitini almashtirishni talab qilish;

i) Mijozga Onlayn tizimda xizmat ko‘rsatish tartibiga, tegishli xabarni ochiq aloqa vositalari, shu jumladan www.trustbank.uz saytiga joylashtirish orqali Mijozni oldindan ogohlantirgan holda, o‘zgartirish kiritish;

j) Onlayn tizim orqali Bankka uzatilgan to‘lov hujjatlarini tasdiqlash va ushbu hujjatlar asosida Mijozning bank operatsiyasini amalga oshirish uchun Mijozdan ularni qog‘ozda, belgilangan tartibda, rasmiylashtirilgan holda topshirishni talab qilish.

Bank quyidagi holatlarda Mijozning bank operatsiyasini to‘xtatib turadi:

a) to‘lov hujjatini rasmiylashtirish va o‘z muddatida taqdim qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan va Bank tomonidan o‘rnatilgan talabning Mijoz tomonidan buzilishiga yo‘l qo‘yilganda;

b) bank hisobvarag‘i bo‘yicha operatsiyalar faqat bank hisobvarag‘i egasining (Mijozning) farmoyishiga ko‘ra yoki bank hisobvarag‘idagi pul mablag‘i tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirayotgan organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi qarori bo‘yicha yoxud sud ajrimiga ko‘ra xatlanganda (bunday holda, pul mablag‘i faqat tergovchi qarori yoki sud ajrimida ko‘rsatilgan qiymatga xatlanadi). Tadbirkorlik faoliyati subyekti bo‘lgan Mijozning bank hisobvarag‘i bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib qo‘yish sud tartibida amalga oshiriladi, O‘zbekiston qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan holatlar bundan mustasno;

d) Mijoz yoki Mijozning bank operatsiyasi qatnashchilaridan birining barcha identifikatsiya maʼlumotlari Ro‘yxatga kiritilgan shaxsning maʼlumotlari bilan to‘liq mos kelgan taqdirda (Mijozning bank hisobvarag‘iga tushgan pul mablag‘ini hisobga kiritish bo‘yicha operatsiyalar bundan mustasno);

e) Mijozning bank operatsiyasi qatnashchilaridan biri Ro‘yxatga kiritilgan shaxs nomidan yoki uning topshirig‘iga binoan faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa;

f) Mijozning bank operatsiyasini amalga oshirishda foydalanayotgan pul mablag‘i yoki boshqa mol-mulk to‘liq yoki qisman Ro‘yxatga kiritilgan shaxsga tegishli bo‘lsa;

g) Mijozning bank operatsiyasi qatnashchisi – yuridik shaxs-mijoz Ro‘yxatga kiritilgan shaxsning mulkida yoki nazorat ostida bo‘lsa;

h) Onlayn tizim orqali Bankka uzatilgan to‘lov hujjatlarini tasdiqlash va ushbu hujjatlar asosida Mijozning bank operatsiyasi amalga oshirish uchun Mijozdan ularni qog‘ozda belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan holda topshirish so‘ralganda, so‘ralgan to‘lov hujjatlari 5 (besh) ish kuni davomida taqdim etilmasa, ushbu hujjatlar taqdim etilgan paytga qadar.

Bank quyidagi hollarda Mijozning bank operatsiyasini amalga oshirishni rad etadi:

a) Mijozning boshqaruv organi yoki Mijoz nomidan ishonchnomasiz faoliyat ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lgan shaxs o‘zining joylashgan yeri (pochta manzili) bo‘yicha mavjud bo‘lmaganida;

b) atayin noto‘g‘ri bo‘lgan hujjatlar taqdim etilganda yoki qonun hujjatlariga muvofiq so‘raladigan hujjatlar taqdim etilmaganda;

d) Mijoz “Xalqaro moliyaviy sanksiyalar ro‘yxati”ga tushgan bo‘lsa;

e) Mijoz tomonidan amalga oshiriladigan bank operatsiyasiga va/yoki ushbu operatsiyaning boshqa ishtirokchilaridan biriga nisbatan xalqaro moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilgan bo‘lsa;

f) Mijozning bank operatsiyasida xalqaro moliyaviy sanksiyalarning taʼsir doirasiga tushish xatari mavjud bo‘lganda, Bankka nisbatan qarshi sanksiya qo‘llanilishiga yo‘l qo‘ymaslik va Bank obro‘siga putur yetishining oldini olish maqsadida.

10. Mijoz quyidagi huquqlarga ega:

a) bank hisobvarag‘idagi mablag‘ni, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, erkin tasarruf etish;

b) Bankka to‘lov va kassa xizmatlari bo‘yicha topshiriq berish, topshiriqlar o‘z vaqtida bajarilishini talab qilish;

d) bank hisobvarag‘ida mablag‘ mavjud bo‘lganda ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar hamda O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa ehtiyojlar uchun naqd pul olish;

e) mazkur Shartnoma bo‘yicha majburiyatlarning Bank tomonidan buzilishi yoki O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar Bank tomonidan o‘z vaqtida va (yoki) to‘liq bajarilmaganligi oqibatida ko‘rilgan zararning, o‘rnatilgan tartibda, qoplab berilishini talab qilish;

f) belgilangan joyga Mijozdan borib tushmagan pul mablag‘ini aniqlash yoki noto‘g‘ri o‘tkazilgan to‘lovni qaytarishda Bankdan yordam so‘rash;

g) bank faoliyatiga oid O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari hamda ularga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar to‘g‘risida axborot olish;

h) elektron raqamli imzo yopiq kalitining faolligini muddatidan oldin to‘xtatish va Bankdan ushbu kalit faolligini to‘xtatishni talab qilish;

i) Bankdan o‘zining Onlayn tizimdagi faoliyatini vaqtincha to‘xtatishni yozma ravishda so‘rash (Mijozning Onlayn tizimdagi faoliyatini qayta tiklash uning yozma arizasi bo‘yicha va faqat uning shaxsan ishtirokida Bank tomonidan amalga oshiriladi);

j) elektron raqamli imzo kalitini o‘z xodimiga elektron raqamli imzo kaliti uchun to‘liq shaxsiy moddiy javobgarlik to‘g‘risida shartnoma rasmiylashtirish yo‘li bilan Onlayn tizimdan foydalanish uchun berish.

5-§. Tomonlarning kelishuvlari

 

11. Tomonlar Onlayn tizimda hosil qilinadigan, Mijozning ishonchli elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan “To‘lov topshiriqnomasi” elektron hujjati, shuningdek boshqa elektron hujjatlarni ularning qog‘ozga chop etilgan, Mijozning to‘lov hujjatlarini imzolash huquqiga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan imzolangan tegishli hujjatlar bilan teng yuridik kuchga ega deb tan oladilar va tomonlar o‘rtasida huquqiy munosabatlar mavjudligini tasdiqlaydilar. Onlayn tizim orqali Mijozning elektron raqamli imzosi yo‘q holda olingan elektron hujjat yuridik kuchga ega emas, u Bank tomonidan ko‘rib chiqilmaydi va ijro etilmaydi.

12. Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq joriy etilgan elektron raqamli imzo metodini eʼtirof etadilar.

13. Mijozning elektron raqamli imzosini tekshirish salbiy natija berganda, tomonlar elektron hujjatni noto‘g‘ri deb hisoblaydilar va ijroga qabul qilmaydilar.

14. Tomonlar Mijozning elektron raqamli imzosi qalbakilashtirilganligi va undan foydalanilganligi uchun Bank javobgar bo‘lmasligini tan oladilar.

15. Tomonlar Mijozning elektron raqamli imzosi bilan Onlayn tizimda hosil qilinadigan elektron hujjatlarni nizoli masalani hal qilish uchun dalil bo‘la oladigan material deb hisoblaydilar.

16. Tomonlar Mijozning elektron raqamli imzosi kaliti Mijozga tegishli ekanligini, mazkur kalitning tashuvchisi Bankka tegishli ekanligini eʼtirof etadilar.

17. Tomonlar Onlayn tizim bilan ishlashda vaqtning yagona ko‘rsatkichi sifatida Toshkent mintaqa vaqtini tan oladilar. Bank apparat vositalarining soatlari ko‘rsatadigan vaqt nazorat vaqti hisoblanadi.

18. Mijozning xabarnomasi Bankning ish yuritish registrida ro‘yxatga olingan paytdan boshlab Mijoz tomonidan yuborilgan va Bank tomonidan qabul qilingan hisoblanadi.

19. Bank tariflari yoki Mijozning bank hisobvarag‘i bilan bog‘liq xabarnoma Bank tomonidan Mijozga quyidagi usullar bilan taqdim etiladi:

a) xabarnomani Mijozga shaxsan topshirish, pochta orqali yuridik manzilga jo‘natish, Onlayn tizim orqali yetkazish, mobil telefoniga SMS-xabarnoma yuborish, elektron manzilga jo‘natish;

b) xabarnomani Bankning www.trustbank.uz rasmiy veb-sayti va Bank binosidagi e‘lonlar stendiga joylashtirish, ommaviy axborot vositalarida e‘lon qilish.

Mazkur bandda ko‘rsatilgan usullar bilan yuborilgan xabarnoma Bank tomonidan yuborilgan va Mijoz tomonidan qabul qilingan hisoblanadi.

 

6-§. Onlayn tizimda Mijozga xizmat ko‘rsatish tartibi

 

20. Bank banklararo to‘lovlar bo‘yicha bank amaliyot kuni davomida Onlayn tizim bo‘yicha Mijoz tomonidan uzatiladigan hujjatlarni qabul qilishni amalga oshiradi. Onlayn tizim bo‘yicha uzatilgan hujjatlar o‘rnatilgan vaqt oralig‘idan tashqari vaqtda qabul qilinsa, bunday hujjatlar avtomatik tarzda keyingi amaliyot kuniga o‘tkaziladi. Onlayn tizimga ulanishda, elektron hujjatlarni uzatish-qabul qilish jarayonida va ushbu hujjatlar maqomini belgilashda Mijoz faol tomon hisoblanadi. Hujjatlarni Onlayn tizimni qo‘llagan holda uzatishning imkoni bo‘lmaganda, ular Mijozdan qog‘ozga chop etilgan asl nusxada qabul qilinishi mumkin.

21. Onlayn tizim orqali yetkazilgan elektron hujjatlar Bankda avtomatik tekshiruvdan o‘tadi. Ushbu tekshiruv natijasi bo‘yicha hujjat qabul qilinganligi yoki yaroqsiz ekanligi to‘g‘risida yozuv Bank tomonidan Onlayn tizimda aks ettiriladi.

22. “To‘lov topshiriqnomasi” elektron hujjati qabul qilinganda Bank Mijozning elektron raqamli imzosi ishonchliligi, hujjat rekvizitlari to‘g‘ri to‘ldirilganligi, Mijozning bank hisobvarag‘ida debet qoldiq vujudga kelishi mumkinligini tekshiradi. Hujjat yaroqsiz bo‘lsa, u Bank tomonidan qabul qilinmaydi, bu haqda Mijozga Onlayn tizim orqali xabar ketadi.

23. Elektron hujjatning yetib borganligi haqida xabar qabul qilingandan so‘ng, ushbu hujjat “o‘tkazildi” maqomini oladi.

7-§. Tomonlarning javobgarligi

 

24. Tomonlardan biri majburiyatini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda, aybdor tomon ikkinchi tomonga yetkazilgan zararni to‘laydi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va mazkur Shartnomada belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

25. Bank quyidagilar uchun javobgar hisoblanadi:

a) Mijozning bank hisobvarag‘i bo‘yicha operatsiyalar o‘z vaqtida amalga oshirilishi uchun;

b) Mijozga oid bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar noqonuniy tarzda oshkor etilganligi uchun;

d) Mijozning bank hisobvarag‘iga daxldor pul mablag‘ini hisobga kiritish va hisobdan chiqarishning O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibi buzilganligi uchun (elektron to‘lovni amalga oshirish va xato amalga oshirilgan elektron to‘lovni qaytarishning belgilangan muddati buzilishini istisno etgan holda);

e) elektron to‘lovni amalga oshirishning O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan muddati Bank tomonidan buzilgan taqdirda;

f) Bankning aybi bilan elektron to‘lov noto‘g‘ri amalga oshirilgan taqdirda (Bank mablag‘ni xatolik aniqlangan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmasdan oluvchining hisobvarag‘iga o‘tkazishi shart);

g) Mijoz hisobvarag‘ida yetarli mablag‘ mavjud bo‘lgan holda ish haqi va O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan boshqa ehtiyojlarga o‘z vaqtida naqd pul berilmaganda.

26. Bankka nisbatan mazkur Shartnomaning 25-bandida nazarda tutilgan jarima jazo choralarini qo‘llash sud qaroriga asosan amalga oshiriladi. Bunda bu kabi nizolar yuzasidan Mijozning o‘zi tomonidan sudga daʼvo kiritiladi.

27. Bank quyidagi hollarda javobgarlikdan ozod qilinadi:

a) fors-major holatlarda;

b) banklararo elektron to‘lovlar tizimida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan uzilishlarda;

d) Mijoz tomonidan amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan talablarga mos kelmaydigan to‘lov hujjatlari taqdim qilinganda;

e) O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibga Bank yoki Mijoz hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalar to‘xtatilganda;

f) Mijozning “Xalqaro moliyaviy sanksiyalar ro‘yxati”ga tushishi tufayli Bank ushbu Shartnoma bo‘yicha o‘z majburuyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi natijasida Mijoz zarar ko‘rganda;

g) to‘lov Mijoz tomonidan taqdim etilgan to‘lov hujjatining rasmiylashtirilishida yo‘l qo‘yilgan xato va nuqsonlar natijasida kechiktirilganda;

h) oddiy ko‘z yordamida aniqlash mumkin bo‘lmagan qalbaki imzodan foydalanilgan hujjat Bankka taqdim etilishi natijasida Mijoz manfaatiga zarar yetganda.

28. Mijoz quyidagilar uchun javobgar hisoblanadi:

a) bank hisobvarag‘iga xato (noto‘g‘ri) kelib tushgan mablag‘ni, hisobvaraqdan ko‘chirma olgandan so‘ng, qaytarish to‘g‘risida Bankka 2 (ikki) bank ish kunida to‘lov topshiriqnomasi taqdim etmasa;

b) bank hisobvarag‘i bo‘yicha o‘tkazilgan operatsiyalarning qonuniyligi uchun;

d) Bank kassasidan olingan naqd pul o‘z vaqtida kassaga kirim qilinishi va belgilangan maqsad uchun chiqim qilinishi hamda kassa intizomiga rioya etilishi uchun;

e) Bankka taqdim qilingan hujjatlar, ularda qayd etilgan maʼlumotlarning to‘g‘riligi va haqqoniyligi uchun.

29. Mijoz o‘z kreditorlari oldidagi shartnomaviy majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi bo‘yicha jarima va penya hisoblanganligi hamda undirilganligi uchun  Bank javobgar bo‘lmaydi.

30. Mijozning elektron raqamli imzo yopiq kaliti uchinchi shaxs tomonidan foydalanilganligi oqibatida Mijoz tomonidan ko‘rilgan zarar uchun Bank javob bermaydi.

31. Bank Mijozning Internet tarmog‘iga kirish usuli va joyini nazorat qilmaydi va buning uchun javob bermaydi.

 

8-§. Bank xizmatlari uchun haq to‘lash tartibi

 

32. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 780-moddasiga muvofiq Mijoz Bank tomonidan ko‘rsatgan xizmatlar uchun ushbu Shartnomaning 2-ilovasida keltirilgan Bank tariflari asosida haq to‘laydi.

33. Bank tomonidan ko‘rsatgan xizmat uchun Mijozdan olinadigan haq ko‘rsatgan vaqtning o‘zida hisoblanadi va undiriladi (tomonlar kelishuviga ko‘ra hisoblash va undirishning boshqa muddatlari belgilanish holatlari bundan mustasno).

34. Mijozning bank hisobvarag‘ida Bank tomonidan ko‘rsatiladigan xizmat uchun olinadigan haqqa mablag‘ yetarli bo‘lmasa, Bank mazkur xizmatni (to‘lov operatsiyasini) amalga oshirmaydi.

35. Bank tariflariga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar ushbu Shartnomaning 9-bandi birinchi qismining “f” kichik bandida belgilangan tartibda kuchga kiradi.

 

9-§. Bank siri

 

36. Bank O‘zbekiston Respublikasining “Bank siri to‘g‘risida” qonuniga muvofiq Mijoz haqidagi bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarning sir saqlanishini kafolatlaydi.

37. Mijoz to‘g‘risidagi bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni uchinchi shaxsga taqdim etishga faqat O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yo‘l qo‘yiladi.

 

10-§. Fors-major holatlar

 

38. Shartnoma tuzilganidan so‘ng yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan suv toshqini, yong‘in, zilzila va tabiiy ofatning boshqa ko‘rinishlari, urush, epidemiya, epizotiya hamda shu kabi oldini olish imkoniyati bo‘lmagan hodisalar yoki O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarining bekor bo‘lishi yoxud ularga kiritilgan o‘zgartirishlar, shuningdek banklararo elektron to‘lovlar tizimida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan uzilish tufayli ushbu Shartnoma bo‘yicha har qanday majburiyatlar to‘liq yoki qisman bajarilmagan hollarda tomonlardan hech biri javobgar bo‘lmaydi.

 

11-§. Korrupsiyaga qarshi qo‘shimcha shartlar

 

39. Tomonlar shartnoma tuzish, shartnomaning amal qilish muddatida va ushbu muddat tugaganidan so‘ng shartnoma bilan bog‘liq korrupsiyaviy harakatlarni sodir qilmaslikka kelishib oldi.

40. Tomonlar ushbu Shartnomadagi korrupsiyaga qarshi qo‘shimcha shartlarda belgilangan korrupsiyaning oldini olish choralarini tan oladi va ularga rioya etilishi bo‘yicha hamkorlikni taʼminlaydi.

41. Har bir tomon shartnoma tuzilgan paytda bevosita o‘zi yoki uning ijroiya organlari, mansabdor shaxslari va xodimlari tomonidan shartnoma bilan bog‘liq munosabatlar yuzasidan qonunga xilof ravishda pul, moddiy qiymatliklar berilmagani, shartnoma tuzilishi evaziga norasmiy pul yoki boshqa moddiy qiymatliklar olinishiga yo‘l qo‘yilmagani, taklif etilmagani, ularni berishga vaʼda qilinmagani, shuningdek, moddiy yoki har qanday turdagi imtiyoz, ustunliklar olinmaganini (kelajakda bu turdagi harakatlarni amalga oshirishi mumkinligi haqida taassurot qoldirilmaganini) kafolatlaydi.

42. Tomonlar mansabdor shaxslari va xodimlari tomonidan har qanday vaqt va shaklda korrupsiya harakatlarini bevosita yoki bilvosita (shu jumladan, uchinchi shaxslar orqali) sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaydi.

43. Qonunga xilof ravishda olingan daromadning legallashtirilishiga, shuningdek, agar mulk jinoiy faoliyatdan olingan daromad ekanligi tomonlarga maʼlum bo‘lsa, uni o‘tkazish, mulkka aylantirish yoki almashtirish yo‘li bilan uning kelib chiqishiga qonuniy tus berish, bunday pul mablag‘i yoki boshqa mol-mulkning asl xususiyati, manbai, turgan joyini, tasarruf etish va ko‘chirish usulini, pul mablag‘iga yoki boshqa mol-mulkka bo‘lgan haqiqiy egalik huquqini yoki uning kimga qarashliligini yashirishga yo‘l qo‘ymaydi.

44. Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik sodir qilish uchun taʼmagirlik qilish, undash, tazyiq o‘tkazish yoki tahdid qilish holati bo‘yicha bir tomon ikkinchi tomonni hamda vakolatli davlat organlarini darhol xabardor qiladi.

45. Tomonlar tovarlar, xizmatlar va ishlarni realizatsiya qilish va o‘tkazishda yoki ularning manfaatini ko‘zlab boshqa harakatlarni amalga oshiruvchi tomonlarning nazorati ostida bo‘lgan va ular nomidan harakat qiladigan shaxslarga nisbatan quyidagi harakatlarni amalga oshiradi:

a) korrupsiyaviy harakatlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi va korrupsiyaviy harakatlarga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lishi shartligi haqida ko‘rsatmalar va tushuntirishlar berish;

b) ulardan korrupsiyaviy harakatlarni amalga oshirish uchun vositachi sifatida foydalanmaslik;

d) ularni faqat tomonning oddiy kundalik faoliyati jarayonidagi ishlab chiqarish zarurati doirasidan kelib chiqib ishga jalb qilish;

e) ularga qonunchilik doirasida amalga oshirgan xizmatlari uchun belgilangan haq miqdoridan asossiz ravishda ortiqcha to‘lovlarni amalga oshirmaslik.

46. Tomonlar ularning nazorati ostida bo‘lgan va ular nomidan harakat qiladigan shaxslar tomonidan korrupsiyaga qarshi qo‘shimcha shartlarda belgilangan majburiyatlar buzilganligi holatlari haqida xabar berilganligi uchun ularga tazyiq o‘tkazilmasligini kafolatlaydi.

47. Agar bir tomonga boshqa tomonning Shartnomaning 42-bandida belgilangan majburiyatlarning buzilishiga yo‘l qo‘yganligi maʼlum bo‘lib qolsa, ikkinchi tomonni bu haqda zudlik bilan xabardor qiladi va tegishli choralar ko‘rilishi va amalga oshirilgan ishlar yuzasidan xabardor qilishni talab qiladi.

48. Tomonning talabi bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmagan yoki ko‘rib chiqish natijalari haqida xabardor qilmagan taqdirda, ushbu tomon shartnomani bir taraflama to‘xtatib turish, bekor qilish hamda zararni to‘liq qoplab berishni talab qilishga haqli.

 

12-§. Sanksiyalar ro‘yxatiga oid qo‘shimcha shartlar

 

49. Mijoz bank hisobvarag‘i bo‘yicha bank operatsiyalarini amalga oshirishda Sanksiyalar ro‘yxati bilan bog‘liq cheklov va taqiqlarga qatʼiy rioya qilinishini taʼminlaydi va kafolatlaydi. Mazkur Shartnoma imzolanishi bilan Mijoz tomonidan Sanksiyalar ro‘yxati bilan bog‘liq cheklov va taqiqlarga rioya qilinishi kafolatlangan hisoblanadi.

50. Mijoz Sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan shaxslar bilan, shuningdek ularning manfaatini ko‘zlab ish yuritishi mumkin degan asosli taxmin mavjud bo‘lgan har qanday shaxslar bilan kelishuv, bitim, shartnoma imzolamaydi.

51. Mijoz Sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan shaxslarga yoki ularning manfaati uchun har qanday kelishuv, bitim, shartnoma bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirmaydi.

52. Mijozning Bankka taqdim etgan hujjat va ma’lumotlari yolg‘on, ishonchsiz va/yoki noto‘g‘ri bo‘lib chiqsa yoki ushbu paragrafda qayd etilgan shartlar Mijoz tomonidan bajarilmasa, Bank Mijozning topshirig‘i asosida amalga oshirilgan bank operatsiyalari tufayli chiqib ketgan mablag‘ning qaytarilishi, band solinishi, muzlatilishi, yo‘qotilishi uchun javobgar bo‘lmaydi.

53. Mijozga Sanksiyalar ro‘yxati asosida vakolatli organ, tashkilot yoki banklar tomonidan cheklov va taqiq choralari (pul mablag‘iga band solinishi, to‘lovning rad etilishi va boshqalar) qo‘llanganligi uchun Bank javobgar emas va Sanksiyalar ro‘yxati bilan bog‘liq cheklov va taqiqlar tufayli ushbu Shartnoma bo‘yicha Bank o‘z majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi natijasida Mijozga yetkazilgan zararni qoplash majburiyatini olmaydi.

54. Bank Mijozning boshqa davlatlar qonun hujjatlari bilan cheklangan yoki taqiqlangan bank operatsiyalarini banklar va/yoki kontragentlar foydasiga amalga oshirmaslik huquqiga ega. Bunday holda, tashqi savdo shartnomalari yuzasidan amalga oshirilmagan bank operatsiyalari bo‘yicha javobgarlikni Bank o‘z zimmasiga olmaydi.

55. Mijozning topshirig‘ini bajarish tufayli Bankka nisbatan mulkiy/nomulkiy sanksiyalar qo‘llanilsa, Mijoz Bankka nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalar natijasida kelib chiqqan zararni qoplab berish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.

 

13-§. Alohida shartlar

 

56. Mijoz bank hisobvarag‘idagi pul mablag‘ini mustaqil tasarruf etadi. Bank Mijozning o‘z pul mablag‘idan qay tarzda foydalanishini belgilash va nazorat qilishga, shuningdek pul mablag‘ini o‘z xohishiga ko‘ra tasarruf etish huquqiga O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va mazkur Shartnomada nazarda tutilmagan boshqa cheklashlar belgilashga haqli emas.

Mijozning bank hisobvarag‘idagi pul mablag‘ini tasarruf etish huquqini cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi, bank hisobvarag‘iga O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taqiq (arest) qo‘yilgan yoki bank hisobvarag‘i bo‘yicha operatsiyalar to‘xtatilgan holatlar bundan mustasno.

57. Mijozning bank hisobvarag‘i bo‘yicha operatsiyalarni o‘tkazish tartibi tomonlar uchun majburiy bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.

58. Mazkur Shartnomada ko‘zda tutilmagan Bank va Mijoz o‘rtasidagi munosabatlar O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari talablariga muvofiq tartibga solinadi.

 

14-§. Shartnomaning amal qilish muddati,

uni o‘zgartirish va bekor qilish tartibi

 

 59. Shartnoma u imzolangan kundan kuchga kiradi va boshqa shartnoma tuzilishi sababli ushbu Shartnoma o‘z kuchini yo‘qotgunga qadar yoki ushbu Shartnoma tamoman bekor qilingunga qadar nomuayyan muddat davomida amal qiladi.

60. Shartnomaga kiritiladigan barcha qo‘shimcha va o‘zgartirishlar tomonlar o‘rtasida yozma ravishda yoki Onlayn tizim orqali electron tarzda kelishilgan bo‘lishi lozim, ushbu Shartnomaning 9-bandi birinchi qismining “f” kichik bandiga muvofiq kiritiladigan qo‘shimcha va/yoki o‘zgartirishlar bundan mustasno.

61. Mazkur Shartnoma Mijozning arizasiga ko‘ra istalgan paytda, ko‘rsatilgan bank xizmatlari bilan bog‘liq barcha to‘lovlar Mijoz tomonidan to‘liq amalga oshirilgandan so‘ng, o‘rnatilgan tartibda, bekor qilinishi mumkin.

62. Ushbu Shartnoma quyidagi holatlarda Bank tashabbusiga ko‘ra bir tomonlama bekor qilinadi:

a) Mijoz “Xalqaro moliyaviy sanksiyalar ro‘yxati”ga tushgan bo‘lsa;

b) Mijozning bank hisobvaraqlariga 9 oy mobaynida moliya-xo‘jalik faoliyati bo‘yicha pul mablag‘i tushmaganda “Moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan tadbirkorlik subyektlarini davlat reestridan chiqarish tartibi to‘g‘risida nizom” (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 21 avgustdagi 704-son qarori bilan tasdiqlangan) asosida belgilangan tadbirlar amalga oshirilgan holda.

63. Mijoz tugatilganda ushbu Shartnoma O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilinadi.

64. Mazkur Shartnomaning bekor qilinishi Mijozning bank hisobvarag‘ini yopish uchun asos bo‘ladi.

 

15-§. Shartnomaning boshqa shartlari

 

65. Shartnoma shartlari va ularning bajarilishi yuzasidan kelishmovchilik kelib chiqqan taqdirda, nizo tomonlar o‘rtasida o‘zaro kelishuvga muvofiq hal etiladi.

Tomonlar muzokara natijasida o‘zaro kelishuvga erisha olmagan taqdirda, nizo O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq iqtisodiy sudda ko‘rib chiqiladi.

66. Mijozning boshqa shaxslar bilan hisob-kitoblari bo‘yicha o‘zaro daʼvolari Bank ishtirokisiz ko‘rib chiqiladi.

67. Mazkur Shartnoma bir xil yuridik kuchga ega bo‘lgan ikki nusxada tuzildi,
uning bir nusxasi Bankda, ikkinchi nusxasi Mijozda saqlanadi.

68. Ushbu Shartnoma imzolangandan so‘ng, avval imzolangan bank hisobvarag‘i shartnomasi (agar mavjud bo‘lsa) o‘z kuchini yo‘qotadi.

 

Nizoli vaziyatlar sodir bo‘lganda texnik ekspertiza o‘tkazish

TARTIBI

 

1. Mazkur Tartibda nizoli vaziyat deganda Mijozning Bankka nisbatan Onlayn tizimda ijro etilgan elektron hujjatning haqiqiyligi bilan bog‘liq daʼvoning mavjudligi tushuniladi. Uni elektron hujjatdagi Mijozning elektron raqamli imzosini tekshirish natijasi bo‘yicha adolatli hal qilish mumkin.

2. Mijoz Bankka ariza taqdim etadi. Ushbu arizada Bank Mijozning bank hisobvarag‘i bo‘yicha amalga oshirgan operatsiyaga asos bo‘lgan elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan hujjat bilan bog‘liq daʼvoning mohiyati qayd etiladi.

3. Bank Mijozning arizasi berilgan sanadan boshlab besh kun ichida arizani ko‘rib chiqish uchun komissiya tuzishi shart. Komissiya tarkibiga Mijoz vakilari, Bank vakillari va zaruriyat bo‘lganda – mustaqil ekspertlar kiritiladi. Komissiya aʼzolarini tanlashni tomonlar o‘zaro kelishilgan holda amalga oshiradi.

4. Komissiyada nizoli vaziyatni ko‘rib chiqish natijasida Mijozning elektron hujjatdagi elektron raqamli imzosining haqiqiyligi to‘g‘risida chiqarilgan xulosaga asosan javobgar tomon aniqlanadi.

5. Komissiya arizani besh kundan ko‘p bo‘lmagan muddat ichida ko‘rib chiqadi. Arizani ko‘rib chiqish quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:

a) komissiya Bankning Mijoz hisobvarag‘i bo‘yicha operatsiyani bajarish yuzasidan faoliyatiga nisbatan Mijozning daʼvosiga asos bo‘lgan, Mijozning elektron raqamli imzosi tasdiqlangan elektron hujjatni texnik ekspertizadan o‘tkazadi;

b) komissiya Mijoz elektron raqamli imzosining ochiq kalitini uning amal qilish davri va maqomi, shuningdek uning Mijozga tegishliligi yuzasidan texnik ekspertizadan o‘tkazadi;

d) komissiya elektron hujjatdagi Mijoz elektron raqamli imzosining ishonchli yuzasidan texnik ekspertiza o‘tkazadi;

e) komissiya texnik ekspertizalar maʼlumotlari asosida dalolatnoma tuzadi.

6. Bank quyidagi holatlardan bittasi mavjud bo‘lsa ham Mijoz oldida javobgar hisoblanadi:

a) Mijoz tomonidan masofadan turib uzatilgan, Bank tomonidan Mijozning hisobvarag‘i bo‘yicha amalga oshirilgan operatsiyaga asos bo‘lgan elektron hujjatni Bank ko‘rsatmasa;

b) Bank tomonidan Mijozning hisobvarag‘i bo‘yicha amalga oshirilgan operatsiyaga asos bo‘lgan elektron hujjatdagi Mijozning elektron raqamli imzosi ishonchli bo‘lib chiqmasa;

d) Bank tomonidan Mijozning hisobvarag‘i bo‘yicha operatsiya elektron raqamli imzo kaliti faoliyatini vaqtincha to‘xtatish yoki elektron raqamli imzo kaliti faoliyatini muddatidan oldin tugatish haqida xabar qayd qilib bo‘lingandan so‘ng amalga oshirilgan bo‘lsa.

7. Komissiya Bank tomonidan taqdim etilgan elektron hujjatdagi Mijozning elektron raqamli imzosi ishonchli deb topsa va elektron raqamli imzo kaliti Mijozga tegishliligi tasdiqlasa, Bank Mijozning hisobvarag‘i bo‘yicha bajarilgan operatsiya yuzasidan javobgar bo‘lmaydi.